Namangan viloyatida noqonuniy ravishda olib ketilayotgan katta miqdordagi pirotexnika mahsulotlari huquq-tartibot idoralari tomonidan fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani boʻlimi maʼlum qildi.
Xabar qilinishicha, huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida “Vodiy-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Isuzu” rusumli yuk mashinasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan. Tekshiruv natijasida haydovchi H.H. fuqaro B.O.ga tegishli boʻlgan yirik hajmdagi pirotexnika mahsulotlarini olib ketayotganligi aniqlandi.
Mashina yukxonasidan xorijda ishlab chiqarilgan 3 ming 800 quti “Trenia”, 1 790 quti “Britanik” hamda 35 dona “Volk” nomli pirotexnika vositalari topildi. Ushbu mahsulotlarning fuqaro S.S.ga yetkazilishi rejalashtirilgan edi. Tezkor tadbir davomida esa barcha mahsulotlar huquq-tartibot idoralari tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Tergov natijasida mazkur noqonuniy faoliyat Jinoyat kodeksining 250-1-moddasi (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) boʻyicha baholandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishi kutilmoqda.