Para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi

    Parij sharida dunyoning 103 mamlakatidan 1206 nafar para atlet ishtirok etgan bu galgi dunyo birinchiligi terma jamoamiz a’zolari uchun muvaffaqiyatli kechdi.

    Matonatli paralimpiyachilarimiz ushbu musobaqada 6 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza, jami 17 ta medal bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun: para atletlarimiz 2019 yilda BAAda o‘tkazilgan jahon chempionatida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 8 ta medal qo‘lga kiritgan edi.

    Yana bir e’tiborli jihati, bu galgi jahon chempionatida 5 nafar sportchimiz – Doniyor Saliyev, Izzat Turg‘unov va Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bahslarida, yadro uloqtirishda Bobur Omonov, nayza uloqtirishda esa Nurxon Qurbonova jahon rekordini yangiladi. Bundan tashqari, terma jamoaning ko‘plab sportchilari o‘z shaxsiy rekordini ham aynan Parijdagi jahon chempionatida o‘rnatdi.

    Eng muhimi, 19 nafar para atletimiz kelgusi yil aynan Parij shahrida bo‘ladigan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani ham qo‘lga kiritdi.