Para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida vakillarimiz medallari soni ortmoqda

    Fransiya poytaxti mezbonlik qilayotgan para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida sayyoramizning 103 mamlakatidan 1200 nafardan ortiq para atlet 196 ta medallar jamlanmasi uchun o‘zaro bahs olib bormoqda.

    Jahon chempionati nufuzi jihatdan olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadi va Parij mezbonligida o‘tayotgan dunyo birinchiligi to‘rt yillikning nufuzli sport forumi paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beradi. Mazkur Jahon chempionatida ishtirokchi parasportchilar safi keskin ortgan, ya’ni 1206 nafar atletlar sovrinli o‘rinlardan joy olishga astoydil harakat qilmoqda.

    Musobaqaning 5 kungi dasturida bahslarga kirishgan jamoamiz a’zosi Doniyor Saliyev uzunlikka sakrash dasturida 7 metr 47 sm natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Eronlik Amir Xusravani va ozarbayjonlik Said Najavzoda esa kuchli uchlikdan joy oldi.

    Doniyor 2009-yili germaniyalik Matias Shroyder tomonidan o‘rnatilgan Jahon rekordini yangiladi.

    Shuningdek, yadro uloqtirish yo‘nalishida Tokio paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Bobur Omonov 14 metr 73 sm natija bilan yuqori probali medalni qo‘lga kiritish bilan birga Jahon chemponati rekordini yangilashning uddasidan chiqdi.

    Ayollar ishtirokida yadro uloqtirish bahslarida Tokio paralimpiya o‘yinlari sovrindori Nurxon Qurbonova 7 metr 38 sm natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

    Shunday qilib 5 kunlik natijalar bo‘yicha sayyoramizning 102 mamlakat vakillari orasida Xitoy terma jamoasi birinchi, braziliyalik paraatletlar ikkinchi va hamyurtlarimiz 3-pog‘onada bormoqda.

    Quvoranlisi, asosiy tarkib vakillarimiz ushbu dunyo birinchiligida shu kunga qadar Parij paralimpiya o‘yinlariga 15 ta yo‘llanmani naqd qildi. Jahon chempionati 18 iyulga qadar davom etadi va unda jami 196 ta medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshiriladi.

    Ma’lumot uchun: Parijdagi jahon chempionatida vakillarimizning ishtiroki davom etmoqda. Musobaqa 18-iyulga qadar davom etadi.