Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya 11-dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beradi OʻzA.
Qayd etilishicha, oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov va boshqa rasmiylar kutib olgan.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Paragvay oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Jumladan, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida amaliy sheriklikni oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida oʻtkaziladigan musobaqalar gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etadi.








