Paralimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi

    Hukumat 10 Sentabr 2021 2248

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokioda oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.

    Maʼlumki, yurtimizda Olimpiya oʻyinlari qatori Paralimpiya musobaqalariga ham har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

    Natijada vakillarimiz 8 ta sport turi boʻyicha 55 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritib, milliy sportimiz tarixida eng yuqori koʻrsatkichga erishdi. Vakillarimiz eshkak eshish, kanoe va taekvondo singari 3 ta yoʻnalish boʻyicha ilk bor qatnashdi.

    Davlatimiz rahbari sportchilarimiz kelajakda ushbu sport turlari boʻyicha ham gʻoliblar safidan joy olishiga ishonch bildirdi.

    Kuni kecha Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Prezidentimiz farmoni bilan gʻolib sportchilar, ularning murabbiylari va barcha ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Shavkat Mirziyoyev endi erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, Vatanimizning sport sohasidagi ulkan salohiyatini tobora kengroq namoyon etish uchun 2024-yilda Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga bugundan boshlab aniq tizim asosida tayyorgarlik koʻrish zarurligini taʼkidladi.

    Jumladan, kelgusi musobaqalarga stol tennisi, qilichbozlik, kamondan otish, velosport, ot sporti, badminton singari turlar boʻyicha ham yoʻllanmalar uchun kurashish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

    Shu munosabat bilan boʻlgʻusi Paralimpiya oʻyinlariga puxta hozirlik koʻrish uchun xorijiy mamlakatlardan eng tajribali mutaxassis va murabbiylarni jalb qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

    – Oʻzingiz koʻrdingiz, nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrgan davlatlarning medallari ham koʻp boʻldi. Bizda ham bu ishni tizimli yoʻlga qoʻyish kerak. Shu bilan birga, joylarda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz oʻrtasida paralimpiya harakatini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqib, amalga oshirishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

    Para-sport turlari boʻyicha iqtidorli atletlarni saralash va ularning zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish, xususan, sport taʼlimi maskanlarida tegishli oʻqitish dasturlari va metodikasini joriy qilish bilan birga, ularda paralimpiya boʻlimlarini tashkil etib, qoʻshimcha kvotalar ajratish kerakligi taʼkidlandi.

    Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov va Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi M.Toshxoʻjayevga sport maktablarida jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.