Paralimpiya sport turlari geografiyasi kengaymoqda

    Mamalakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarni qo'llab-quvvatlash davlatimizning doimoiy e'tiborida bo'lib kelmoqda. Ayniqsa, ularni ommaviy sport mashg'ulotlariga keng jalb etish orqali jamiyatning faol a'zosiga aylantirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

    Joriy yilning 18 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorning qabul qilinishi bu jabhadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi. Qarorda belgilanganidek, O'zbekiston мilliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O'zbekiston milliy paralimpiya qo'mitasining tashkil etilishi paralimpiya o'yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari geografiyasining yanada kengayishiga xizmat qildi.

    Kuni kecha Jizzax shahrida paralimpiya o'yinlari dasturidan joy olgan 5x5 futbol bo'yicha ko'zi ojiz sportchilar o'rtasida yakunlangan O'zbekiston chempionati imkoniyati cheklangan futbolchilarning orzu-armonlari ushalishiga xizmat qildi. Boisi, shu paytgacha mazkur futbol yo'nalishidagi musobaqalarni o'tkazish uchun zarur bo'lgan maxsus futbol to'plari, o'yinni o'tkazish ko'nikmasi, uning qonun-qoidalari hamyurtlarimiz uchun begona edi. Mutaxassislarning sa'y-harakati bilan ushbu futbol yo'nalishi keng o'rganildi. Chet eldan maxsus futbol to'plari, jihozlar olib kelindi. 200 dan oshiq ko'zi ojiz yoshlar futbol mashg'ulotlariga jalb etildi.

    – Ko'zi ojizlar o'rtasidagi 5x5 futbol yo'nalishida har yili jahon va qit'a chempionatlari, kubok bahslari, har to'rt yilda paralimpiya o'yinlari o'tkaziladi. Mamlakatimizda ushbu futbol yo'nalishining faoliyati yo'lga qo'yilgani o'z orzularini ro'yobga chiqazaman, degan imkoniyati cheklangan futbolchi yoshlarimiz uchun munosib tuhfa bo'ldi. Jizzaxda o'tkazilgan turnir yurtimizda imkoniyati cheklangan bo'lsa-da iste'dodi, shaxdu shijoati baland yoshlarimiz borligini ko'rsatdi, Asosiy maqsadimiz yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslar o'rtasida 5x5 futbol sport turini yanada rivojlantirish hamda terma jamoa safiga iqtidorli sportchilarni saralab olish, kelajakda para Osiyo va paralimpiya o'yinlari, Jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini ulug'laydigan g'ayratli sportchilar safini kengaytirish, – dedi O'zbekiston milliy paralimpiya qo'mitasi raisi o'rinbosari SHarifjon Mo'minjonov.

    Jizzaxda 4 kun mobaynida o'tkazilgan musobaqa yakuniga ko'ra, 10 ta jamoa orasida Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyati futbolchilari sovrinli o'rinlarni egalladi. Muhimi, ushbu sport tadbiri natijasida yuzlab imkoniyati cheklangan yoshlarning qalbida kelajakka katta ishtiyoq bilan qarash tuyg'usi jonlandi.

    Yana bir gap. O'zbekiston sportchilari bu yil Tokioda o'tkaziladigan paralimpiya o'yinlarida ilk bora 7 ta sport turidan ishtirok etadi. Hozirda yurtimiz paralimpiya sportchilari hisobida yozgi Paralimpiya o'yinlariga 29 ta yo'llanma mavjud. Oldinda imkoniyati cheklangan sportchilarimiz yana bir qator litsenzion musobaqalarda qatnashishini inobatga olsak, yo'llanmalar soni yanada ortishi ehtimoldan yiroq emas.

    To'lqin RO'ZIYEV