Parij Olimpiadasida Oʻzbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari maʼlum qilindi

    Ayni daqiqalarda poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston delegatsiyasini Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtmoqda.

    Boks boʻyicha jahon chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Abdumalik Halokov hamda qilichbozlik boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibasi, “Shuhrat” medali sohibasi Zaynab Dayibekova Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasining bayroqdorlari boʻlishi rasman eʼlon qilindi.

    Maʼlumot uchun, Zaynab Dayibekova oʻtgan yili Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtgan Osiyo oʻyinlarida dzyudochimiz Muzaffarbek Toʻraboyev bilan birga Oʻzbekiston sport delegatsiyasi bayroqdori boʻlgan edi.

    Eslatib oʻtamiz, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochimiz Nigora Tursunqulova Oʻzbekiston bayroqdori vazifasini bajarishgandi.