баннер
13 Mar 2025
18:48

    Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi

    Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga oʻzaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini oʻrganish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.

    Joriy yilning 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Parij shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari rahbarlari hamda 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliya va biznes tashkilotlari rahbarlari ishtirokida Fransiya-Oʻzbekiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov biznes-forumning ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning yangi imkoniyatlarini oʻrganish uchun oʻziga xos muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yuqori baholadi.

    Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning barqaror dinamikasi qayd etildi. Xususan, 2024-yilda ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarga yetdi, bu oldingi yilga nisbatan 14 foizga koʻpdir. Shu bilan birga, Oʻzbekistondan Fransiyaga eksport hajmi qariyb ikki baravar ortib, 800 million dollarni, import esa 330 million dollarni tashkil etdi.

    Bugungi kunda Oʻzbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, rivojlanayotgan ishbilarmonlik muhitiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

    Oʻzbekistonda energetika, infratuzilma, atrof-muhitni muhofaza qilish, aviatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm sohalarida oʻz tajribasini olib kirayotgan dunyoga mashhur Orano, SUEZ, Veolia, Total Energies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus, MND va boshqa koʻplab kompaniyalar bor.

    Laziz Kudratov munosabatlarni chuqurlashtirish uchun foydalanilmagan katta imkoniyatlarga toʻxtalar ekan, hamkorlikni yanada rivojlantirishning qator yoʻnalishlarini, jumladan, transport va logistika jihatidan oʻzaro bogʻliqliqni rivojlantirish, savdo yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, Oʻzbekiston ehtiyojlariga moslashtirilgan fransuz texnologiyalarini joriy etish orqali innovatsion rivojlanish muhimligini taʼkidladi.

    Shu bilan birga, investorlar manfaatlariga javob beradigan va mamlakat iqtisodiyotini sifat jihatidan oʻzgartirish va barqarorligini oshirishga qaratilgan yangi qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

    Oʻz navbatida, forumda soʻzga chiqqan MEDEF International raisi va “Orano” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Klod Imoven Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi va fransuz biznesi vakillarini Oʻzbekiston bozorida faol kirib borishga chaqirdi.

    Forum doirasida B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralariga oʻzaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini oʻrganish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.

    Forum yakunlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv taʼminoti va transport, konchilik, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirishni belgilab beruvchi 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech