Parijdagi Oʻzbekiston xazinalari koʻrgazmalari Malayziya OAV diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 7 Yanvar 2023 1825

    Malayziyaning “OIC Today” ixtisoslashtirilgan jurnalining internetdagi veb-sahifasida 2022-yil 23-noyabrdan buyon Parijda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston tarixiy-madaniy merosiga doir koʻrgazmalarga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi.

    Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi chogʻida Parijdagi Luvr va Arab dunyosi institutida mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini ochib beruvchi koʻrgazmalar ochilgani haqidagi maʼlumotlar qalamga olingan.

    Qayd etilganidek, Luvrdagi ekspozitsiya eramizdan avvalgi V-VI asrlardan to Temuriylar davrigacha boʻlgan muddatni qamrab oladi. Arab dunyosi instituti esa XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid eksponatlarni hamda Nukusdagi I.Saviskiy nomidagi Davlat muzeyi kolleksiyasidan joy olgan eksponatlarni sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilayotgani maʼlum qilingan.

    “2018-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi marta rasmiy tashrif bilan Fransiyaga bordi. Madaniy dastur doirasida Luvrga ekskursiya boʻlib oʻtdi. Oʻsha paytga kelib ushbu muzeyda Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosiga bagʻishlangan keng koʻlamli koʻrgazmani oʻtkazish gʻoyasi bildirildi va davlat rahbari buni qizgʻin qoʻllab-quvvatlagan edi”, deb yozadi manba.

    Materialda maʼlum qilinganidek, har ikkala koʻrgazmani tayyorlash uchun maxsus komissiya tuzildi. 2018-yildan beri koʻrgazma uchun 70 dan ortiq buyum tiklandi. Bu jarayonda Fransiya va Oʻzbekistondan qogʻoz, yogʻoch, metall, haykaltaroshlik, shisha va devor boʻyoqlari boʻyicha 40 dan ortiq restavrator ishtirok etdi.

    “VIII asrga oid Kattalangar Qurʼoni sahifalarini qayta tiklash va konservatsiya qilish, ayniqsa, qiyin va qiziqarli boʻlgan. Ushbu Qurʼon Islom va musulmonlar uchun katta diniy ahamiyatga ega boʻlib, butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil etuvchi qadriyatlardan biridir”. Maqolada mutaxassislar ushbu koʻrgazmalar juda samarali kechayotganini bildirishayotgani taʼkidlangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Har yili Fransiyaga 60 million sayyoh keladi. Luvrga 10 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi. Oʻzbekistonning bunday keng koʻlamli koʻrgazmada ishtirok etishi mamlakatni yanada koʻproq eʼtirof etishga, mamlakatga, uning madaniyatiga, tarixiga boʻlgan qiziqishni oshiradi. Bu turizmni rivojlantirish uchun ajoyib imkoniyat hamdir. Odamlar koʻrgazmalar, oʻzaro muloqotlar orqali bir-birini qanchalik yaxshi tanisa, oʻzaro ishonch shunchalik mustahkamlanadi. Ishonch esa hamkorlikning boshqa yoʻnalishlariga ham eshiklarni ochadi”, deb yozadi “OIC Today”.