Sababi, bugun xalqning uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish, olis qishloq va mahallalarda ham fuqarolarning davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish dolzarb vazifaga aylanib bormoqda.
“Shampan”, “Nevich”, “Novdanak”, “Yangi Sanganak”, “Qizilsoy”, “Obod”, “Chinorli”, “Bozorboshi” kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida 20 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu yerda yashovchi aholi oʻzining yumushlari bilan yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun markazga borib kelishga majbur boʻlardi. Bu esa fuqarolarning ham vaqtiga, ham naqdiga jiddiy taʼsir qilardi.
Prezidentimizning 2020-yil 31-yanvardagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan tashkil etilgan filial hudud aholisining uzogʻini yaqin qildi.
— Filialimiz haftaning chorshanba va payshanba kunlari aholiga tez, qulay va shaffof tarzda davlat xizmatlarini koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan, — deydi tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Jahongir Rizayev. — Bugunning oʻzida 10 ga yaqin aholi vakiliga toʻplanib qolgan turli masalalarda davlat xizmatlari koʻrsatildi. Maqsadimiz — aholiga qulaylik yaratishdir.
— Qishlogʻimizda markazning filiali ochilishini eshitib juda ham xursand boʻldim, — deydi Mazmuna Mirziyoyeva. — Farzandlarimiz uchun uy-joy quramiz, unga elektr, gaz ulash kerak boʻladi. Buning uchun esa albatta davlat xizmatlaridan foydalanishga toʻgʻri keladi. Bundan keyin hujjatlarni koʻtarib tuman markaziga qatnab yurmaymiz. Hozirgina nabiramni maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berdim. Filial xodimlari ishimni tez va qisqa muddatda bitirib berishdi.
Filial ochilishida ishtirok etgan bolajonlarga turli sovgʻa-salomlar ulashildi. Shu kunning oʻzida oʻndan ziyod fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalandi, deya xabar beradi DXA Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.