Bir hafta avval ozuqa izlab Parkentning "So'qoq" qishlog'i "Tosar" hududidagi "So'qoq Laziz Soli" fermer xo'jaligi er maydonlariga kelib qolgan Tyan-Shan qo'ng'ir ayig'i aholi yashash punktiga tushib kelgan va fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan 2 bosh qo'yni olib ketgan. Bir bosh qo'yni esa yarador qilgan.
Murojaatga asosan Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo'limi xodimlari va "WILDLIFE" zopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga borib, holatni o'rgandi. O'rganish natijasida "So'qoq Laziz Soli" fermer xo'jaligi er maydonida qo'ylarga mo'ljallangan qo'ra yog'ochlari singanligi ma'lum bo'ldi.
Ushbu hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo'y va echkilari bilan o'zlarining yashash xonadonlariga ko'chirildi.
21 sentyabrdan boshlab ayiq tushib kelgan hudud Parkent tumani ekologiya bo'limi, "WILDLIFE" MCHJ xodimlari hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmadi.