Parkentda bir guruh sport fidoyilariga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi

    Xalqimizda yoshi ulug‘larni e'zozlash, ularga hamisha hurmat ko‘rsatishdek umuminsoniy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Bugungi kunda turli sohalar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga e'zoz va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Jumladan, sport sohasida ham.

    Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligida 12 nafar sport faxriylariga “O‘zbekiston sport faxriysi” unvoni hamda ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

    Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylar kengashining raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh Kengash a'zolari, Parkent tumani xokimi Shohrux Shoahmedov, Toshkent viloyati Turizm va sport boshqarmasi mas'ul xodimi Komiljon Odilov, sport faxriylari, yosh sportchilar, murabbiylar hamda tuman aholisi qatnashdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqan B.Maxsitov Toshkent viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash, ular orasida jismoniy madaniyatni shallantirish borasida jonbozlik ko‘rsatgan sport fidoyilarining xizmatlarini yuksak darajada e'tirof etdi. E'tiborlisi, bu fidoiylar bugungi kunda ham aholiga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

    Shundan so‘ng sport jonkuyarlari Mirzarahim Haydarov, Arslon Tojiboev, Sharofiddin Maxsumov, Xoldor Ergashev, To‘lqin Bo‘riyev, Xusomiddin Hasanov, Vladimir Besenbayev, Dalaboy Karimov, Akmal Azimov, Husniddin Usmonov, Husniddin Ernazarov hamda Mirmahmud Mirabdullayevlar “O‘zbekiston sport faxriysi” unvoni hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanhdi.