– Ushbu festivalni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad, nafaqat yurtimiz, balki, chet mamlakatlarga birgina viloyatimiz misolida turizm salohiyatini keng namoyish etish, milliy mahsulotimiz brendini jahon bozorida munosib o'ringa ega bo'lishini ta'minlash, qadimiy uzumchilik va vinochilik tajribasi hamda bog'dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishdir, – deydi Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchisi Behzod Qobulov.
Ikki kun davom etadigan, festival doirasida ko'ngilochar kontsert dasturlari, ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etilib, turli nominatsiyalar bo'yicha Respublika ko'rik-tanlovlari, xorijiy va mahalliy etakchi mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi.
Koreya, Singapur, Belorus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlarning vinochilik sohasida yirik va etakchi kompaniyalari vakillari ham ishtirok etmoqda. Festival doirasida biznes taqdimotlari va muzokaralar o'tkazilib, shartnomalar va bitimlar imzolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Gulichehra DURDIEVA,
"Yаngi O'zbekiston" muxbiri