Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Oʻzbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, Parkent tuman hokimi Sardor Isoqulov, viloyat boshqarmasi rahbarlari hamda hududdagi fermerlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan taqdimotda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga koʻra Qayilma mahallasining Gulbogʻ massivi (markaziy yoʻl boʻyi)da barpo etiladigan “Akvapark” haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, loyiha qiymati 30 mln dollar boʻlib, unda savdo doʻkonlari, amfiteatr, yopiq suzish havzasi, attraksionlar, tapchanlar, dekorativ qasrlar, mehmonxona, sunʼiy toʻlqinli suzish havzasi, favvoralar, avtoturargohlar barpo etiladi.
Yiliga 100 ming sayyohni jalb qilishi koʻzda tutilayotgan mazkur loyiha 2026-yilning 2-choragida ishga tushishi rejalashtirilgan boʻlib, unda tuman aholisidan 500 nafar kishi ish oʻrniga ega boʻladi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Akvapark” qurilishi munosabati bilan hududdagi fermerlarga kompensatsiya puli toʻliq toʻlab berilishini maʼlum qildi.
Viloyat hokimi ushbu hududdagi fermerlarni rozi qilish, toʻlanadigan kompensatsiya mablagʻlari qonunchilikka binoan, oʻzaro kelishuv va xolis, adolatli baholashdan keyin ishlar boshlanishini taʼkidladi.
Zoyir Mirzayev ayni masalada viloyatning tegishli boshqarma va idora rahbarlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilib, uning raisi Oʻzbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir boʻlishini aytib oʻtdi.









