Parkentdagi “Lion Park”da 3 ta sher qafasdan chiqib ketdi

    Sherlar shu yerda qorovul boʻlib ishlovchi, fuqaroga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Oqibatda u vafot etdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Parkentdagi «Lion Park”da sher qafasdan park hovlisiga chiqib ketib, qorovulga tashlangan va yetkazilgan tan jarohatlari sababli qorovul voqea joyida vafot etgan» mavzusidagi xabar yuzasidan maʼlumot berildi.

    Toshkent viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 17-dekabr kuni Parkent tumanida joylashgan “Lion Park” xususiy hayvonot bogʻida bir qafasda saqlanayotgan 3 ta sher hayvoni qafasdan hayvonot bogʻi hovlisiga chiqib ketgan.

    Voqea vaqtida maskan ish faoliyatida boʻlmagan va yopiq boʻlgan. Hovliga chiqib ketgan sherlar shu yerda qorovul boʻlib ishlovchi, 1980-y.t. fuqaro (F.I.)ga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Afsuski, 44 yoshli fuqaro olgan tan jarohati natijasida vafot etgan.

    Koʻrilgan choralar natijasida sherlar maxsus qafasga qaytarilgan. Atrofdagi boshqa shaxslarga zarar yetmagan. Hozirda mahalliy aholi uchun xavf-xatar yoq.

    Holat yuzasidan Parkent tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.