– Biror ishni boshlaganda yaqinlarning daldasi, ishonchi kishiga kuch-quvvat berar ekan, – deydi tadbirkor. – Onam va yaqinlarimning koʻmagi, ayniqsa, tuman hokimligining ishonch bildirib, qoʻllab-quvvatlashi, xususan, kredit ajratilishidagi yordami odamni ruhlantirib, ishni yana-da jonlantirishga turtki boʻldi.

Darhaqiqat, tadbirkorlik oson ish emas. Ayniqsa, tikuvchilik korxonasini yuritishning oʻzi boʻlmaydi. Xomashyo topish, uskunalarni boshqarish, tayyor mahsulotlarni sotish uchun bozor topish, ishchilarga oylik maosh berish uchun doimo yelib-yugurish kerak. Dastlab Iroda opa ham biroz qiynaldi. Mablagʻ yetishmasligi sababli sexni toʻliq quvvatda ishlatishning imkoni boʻlmadi. Muammo yana mablagʻga borib taqaldi. Bankdan yana kredit olishga toʻgʻri keldi. Oʻtgan yili 30 mln soʻm miqdorida kredit olgach, faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi.

Ayni paytda Iroda Mirzukurova boshchilik qilayotgan sex toʻliq quvvatda faoliyat koʻrsatyapti. 25 nafar mahalliy xotin-qizlarning bandligi ham taʼminlangan. Shu bilan birga, jamoaga endi kelayotgan xotin-qizlarga tikuvchilik sir-asrorlarini ham oʻrgatib, shogirdlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

Bugun eng asosiysi, korxona mahsulotlari xaridorgir. Import oʻrnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi bois, ularga boʻlgan talab ortib bormoqda. Sifati, pishiq-puxtaligi, tashqi dizayni jihatidan mahsulotlar xorijnikiday qolishmaydi. Shu bois, jamiyatning moliyaviy imkoniyati ham yaxshilanib bormoqda.

Tayyorlangan mahsulotlar, yaʼni koʻrpa-yostiqlar jildlari, erkaklar ustki va ich kiyimlari, trikotaj mahsulotlari yurtimiz ichki bozori bilan birga, Rossiya va Qozogʻiston davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Xullas, Parkent tumanidagi “Oyqiz ona qizlari” korxonasida ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar “Made in Uzbekistan” tamgʻasi ostida xorijga joʻnatilyapti.

Doniyor QURBONXOʻJAYEV.