Parkentning olis, togʻli hududida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi

    Parkent tumanining olis, togʻli hududidagi Kumushkon mahallasida qad rostlagan yangi kutubxonaning ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda Parkent tuman hokimi Sardor Isoqulov, “Ipoteka bank” OTP Group Boshqaruv raisining oʻrinbosari Dimitriy Sapronov, viloyat boshqarmasi rahbari Gʻanisher Mamatqulov, shuningdek, mahalla faollari nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

    Mazkur kutubxona Parkent hokimi Sardor Isoqulov boshchiligida “Ipoteka bank” OTP Group homiyligi bilan zamon talablari darajasida 500 mln. soʻm mablagʻ evaziga qurildi.

    Maʼrifat maskani zarur mebel jihozlari bilan taʼminlangan boʻlib, internet tarmogʻiga ulangan 12 ta zamonaviy kompyuter, 200 dan ortiq kitob fondiga ega. Shuningdek, keng va shinam oʻquv zalida 10 mingdan ortiq elektron kitoblarni oʻqish imkoniyati yaratilgan.

    Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar yangi kutubxona bilan yigʻilganlarni va mahalla aholisini tabriklab, endilikda hududda kitobxonlikni yanada ommalashtirish zarurati haqida oʻzlarining fikr-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

    Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilari yangi kutubxonadagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.