“Parlament oʻyinlari” sport musobaqasi finali Toshkent shahrida oʻtkaziladi

    Sport 24 Avgust 2023 829

    Joriy yil 23-avgustda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek hududlardan mahalliy kengashlar kotibiyatlari mudirlari, deputatlar hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

    Dastlab, Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan masalalar koʻrib chiqildi.

    Xususan, qoʻmita aʼzolariga “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sogʻliqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi, “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Qonunlarning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.

    Shundan soʻng, Senat tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Parlament oʻyinlari” sport musobaqasining respublika bosqichini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, Senat Kengashining tegishli qarori bilan Senat va Joʻqorgʻi Kenges aʼzolari, deputatlar hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari oʻrtasida Senat Raisi kubogi uchun 3 bosqichli (viloyat, mintaqa va respublika) sport musobaqalari tashkil etilgan.

    Joriy yilgi musobaqaning 1-bosqichi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari aʼzolaridan tashkil topgan jamoalar oʻrtasida viloyat miqyosida, 2-bosqichi hudud miqyosida (mintaqaviy) viloyatda birinchi oʻrinni egallagan jamoalar oʻrtasida sportning minifutbol, voleybol, stol tennisi va badminton turlari boʻyicha oʻtkazildi.

    Musobaqaning hududiy bosqichida 4 500 nafar deputat ishtirok etdi. Ularning 420 nafarini ayollar tashkil etadi.

    Musobaqaning respublika bosqichiga yoʻllanmani 200 nafar ishtirokchi qoʻlga kiritdi.

    “Parlament oʻyinlari” sport musobaqasining respublika bosqichini 2023-yil 26-avgustda mustaqilligimizning 32 yilligiga bagʻishlab, Toshkent moliya institutining sport majmuasida oʻtkazish belgilandi.

    Musobaqaning final bosqichiga tayyorgarlik yuzasidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi masʼullari axborot berdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Majlis soʻnggida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.