Parlament chinakam xalq uyiga aylanishi kerak – Prezident

    Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa gʻoyalar generatoriga, sogʻlom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak.

    Oʻtgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, gʻoyalari ham bir-biridan farq qildi, turli siyosiy mafkuralar kurashi yaqqol koʻzga tashlanib turdi. Xususan, saylovlar jarayonida koʻplab debatlar tashkil etilganini xalqimiz va xalqaro kuzatuvchilar alohida eʼtirof etdi.

    Prezidentimiz parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi.

    Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qoʻshimcha huquqlar berishni taklif qildi.

    Saylovlardagi sogʻlom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga koʻchib oʻtsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

    Parlament nazorati, avvalo, siyosiy nazoratdir, uning oqibati ham siyosiy masʼuliyat bilan bogʻliqdir. Prezident Qonunchilik palatasiga Hukumat aʼzosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga koʻra, ushbu rahbarni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini eslatib oʻtdi.