Parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyun 2021 736

    Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi “Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya parlamentlari oʻrtasida munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Pak Kvang On soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotlar faollashayotganini taʼkidlab, parlament faoliyati tajribasini oʻrganish, jumladan turli xalqaro konferensiyalar oʻtkazish, koʻp tomonlama parlament tashkilotlari doirasida hamkorlik va muntazam ravishda oʻzaro delegatsiyalar almashinuvi yaxshi yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi.

    Joriy yil aprel oyida Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifi va ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan qator uchrashuvlar oʻtkazgani parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga koʻtardi. Suhbatdoshning aytishicha, tarihda birinchi marta Koreya parlamenti delegatsiyasi toʻliq tarkibda Oʻzbekiston rahbari tomonidan qabul qilinib, tomonlar samimiy va dildan suhbatlashishdi.

    Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Pak Byong Sokning joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga qilgan tashrifi yakunlari haqida toʻxtalar ekan, delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonda oʻzlariga koʻrsatilgan yuqori hurmat, eʼtibor va mehmondoʻstlikdan mamnun boʻlganini, ayniqsa, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlgan doʻstona, samimiy va ochiq ruhdagi muloqotdan katta taassurot orttirgan holda qaytganini maʼlum qildi.

    Uchrashuvda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Janubiy Koreya strategik hamkorligini yana-da chuqurlashtirish, joriy yil turli darajalarda boʻlib oʻtadigan qoʻshma tadbirlar rejalari batafsil koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Jumladan, iyun oyining ikkinchi yarmida “Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasining yangi tarkibi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi yangi tarkibi oʻrtasida birinchi muloqotni (videokonferensiya shaklida) oʻtkazish taklifi muhokama qilindi.