Parlamentlararo ittifoq bilan amalga oshiriladigan rejalar koʻrib chiqildi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq hamkorligining amaliy jihatlari muhokama etildi. Xususan, kelasi yili Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasining tashkiliy jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.

    Assambleyaning parlamentlar oʻrtasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, Oʻzbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish, 2030-yilgacha boʻlgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini faollashtirish, BRMga erishish yoʻnalishlarini muhokama etish uchun muhim platforma boʻlishi alohida qayd etildi.

    Shuningdek, mamlakatda oʻtkaziladigan Assambleya inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarining barcha yoʻnalishlarini yanada faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.