Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Oʻzbekistonda oʻtkaziladi

    Xalqaro hamkorlik 27 Mart 2024 514

    Hozirgi murakkab sharoitda Oʻzbekistonning tamomila yangicha mazmun kasb etayotgan faol va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimiz jahon siyosatining markazlaridan biriga va global tashabbuslar muallifiga aylanib boryapti.

    Bu jarayonda mamlakat parlamenti ham faol ishtirok etyapti.

    Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bunga yorqin misol boʻla oladi.

    Shveysariyaning Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong va Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻrtasida PIning 150-yubiley assambleyasini 2025-yil Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, jahondagi 180 ta parlamentni birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma oʻzining yuqori organi Assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud boʻlgan mamlakatlarda oʻtkazadi.

    Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, Oʻzbekistonda oʻtkazilishi esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini tasdiqlaydi.

    Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining mamlakatimizda oʻtkazilishi parlamentlar oʻrtasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, Oʻzbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishish, 2030-yilgacha boʻlgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, BRM erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini koʻrib chiqish imkonini beradi.