Parlamentlararo ittifoqning yubiley 150-assambleyasiga tayyorgarlik ishlari muhokama etildi

    Senatda Parlamentlararo ittifoqning yubiley 150-assambleyasini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar yuzasidan Parlamentlararo ittifoq kotibiyati vakillari bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

    Yil sayin O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yana-da oshirish va mustahkamlashda, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda Parlamentlararo ittifoq muhim platforma vazifasini o‘tab kelyapti.

    Mamlakatni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda konstruktiv muloqot davom ettirilib, yaqin hamkorlik rivojlanib boryapti.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Parlamentlararo ittifoqning yubiley 150-assambleyasini 2025-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazish haqidagi tashabbusi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqyea sifatida e'tirof etilmoqda.

    Muloqot davomida Assambleyada 180 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlarning ishtiroki kutilayotgani qayd etildi.

    Shuningdek, Assambleya doirasida xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirni o‘tkazish ko‘zda tutilyapti.

    Ushbu maxsus tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning bu borada erishgan ulkan yutuqlari, 2025-yilda PIning parlamentlar ayol a’zolari forumining 40 yilligi, xotin-qizlar holati bo‘yicha Pekin deklaratsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi hamda BMT Xavfsizlik Kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi kun tartibining 25 yilligi bilan izohlanadi.

    Muloqot yakunida ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish borasida ishchi guruh yig‘ilishlarini doimiy ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.