Ekzogen allergik alveolit — shulardan biri. Uni kasb kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Chunki bu darddan ko‘proq parrandachilik fabrikalari ishchilari, tovuq va qush boquvchilar ko‘proq aziyat chekadi.

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bilan ushbu xastalikning kelib chiqish sabablari va simptomlari borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Ekzogen allergik alveolit immunitet tizimining allergenlarga reaksiyasi tufayli yuzaga kelib, o‘pka to‘qimalari yallig‘lanishi bilan kechadi, — deydi mutaxassis.

— Masalan, mog‘or, pichan, qush va parranda patlari va axlati, qo‘ziqorin sporalari, uy, sabzavot va qahva changi, dorilar hamda boshqa kimyoviy va organik moddalar — buning sababchilari.

Mazkur allergenlar juda kichik hajmda bo‘lgani tufayli bronxlar va traxeyada o‘rnasholmaydi va asosan o‘pka alveolalarida joylashadi. Oqibatda allergik reaksiya chog‘ida o‘pka yallig‘lanib, xuddi grippga chalingan bemorlardagi singari nafas siqishi, yo‘tal, quruq balg‘am ajralishi, tana harorati ko‘tarilishi kabi holatlar kuzatiladi.

Avvaliga bemor allergen joylashgan hududga kirgach, ahvoli yomonlashishi, toza havoga chiqqandan so‘ng esa alomatlar sezilarli darajada kamayishi va 2-3 kun o‘tib butunlay yo‘qolib ketishi ham mumkin.

Biroq allergen bilan aloqa muntazam davom etsa, bora-bora xastalik rivojlanib, surunkali shaklga o‘tadi. Oqibatda nafas qisishi va yo‘tal doimiy tusga kiradi.

Vaqt o‘tgan sayin bemorning ahvoli og‘irlashib, horg‘inlik, zaiflik, ishtaha pasayishi, vazn yo‘qotishi, mushaklardagi og‘riqlar kuchayadi.

Kasallikning surunkali shaklida bemor allergiya qo‘zg‘atuvchi moddalar bilan ro‘baro‘ kelmasa, alomatlar vaqtincha kamayishi mumkin, ammo ular butunlay yo‘qolmaydi.

Bolalarda allergik alveolit kattalarga qaraganda kamroq uchraydi. Ularda ham xastalik qo‘zg‘atuvchisi yuqorida sanalgan organik va kimyoviy moddalar hisoblanadi. Kichik yoshli bemorlarda namoyon bo‘ladigan simptomlar kattalarnikiga o‘xshash, ammo o‘g‘il-qizlarda alveolit yanada o‘tkir shaklda kechadi.

Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.