Parranda grippi epidemiyaga aylanmaydimi?

    Kuni kecha AQSHda parranda grippidan ilk bemor oʻlimi kuzatilishi turli xavotirlarga sabab boʻldi. Ushbu voqeadan bir kun oʻtib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xulosasi eʼlon qilindi.

    Unda qayd etilishicha, H5N1 virusiga chalinayotganlarning aksariyati qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlaridir. Xususan, Luiziana shtatida parranda grippidan vafot etgan bemor ham uy hayvonlari hamda yovvoyi qushlar parvarishi bilan shugʻullangan.

    U keksa yoshda boʻlib, baʼzi yondosh kasalliklardan aziyat chekib kelgan.

    JSST vakili Margaret Xarris Jenevada oʻtkazilgan matbuot anjumanida ushbu virus haqida toʻxtalar ekan, uning epidemiyaga aylanish xavfini past, deb baholadi.

    Shunga qaramay, kasallik oʻchoqlari aniqlangan hududlarda, asosan chorvachilik bilan shugʻullanuvchilar oʻrtasida ehtiyot choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

    Eslatib oʻtamiz, parranda grippining insonlarga yuqishi bilan bogʻliq holatlar Avstraliya, Kanada, Xitoy, Kambodja va Vyetnamda ham roʻyxatga olingan.