Parranda patlaridan oʻgʻit sifatida foydalanish ustida izlanish olib borilmoqda

    Fan 4 May 2021 1241

    Beshariq tumanida faoliyatini olib borayotgan “Vodiy naslli parranda» fermer xoʻjaligiga asos solinganiga 30 yil toʻldi. Tadbirkor, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Boxirjon Turdialiyeva rahbarligidagi mazkur fermer xoʻjaligida sifatli tovuq tuxumi mahsulotlari ishlab chiqariladi. Germaniyaning “Xelman” kompaniyasidan jihozlar olib kelib kelingan boʻlib, ish unumdorligini oshirishda ushbu jihozlarning oʻrni katta ahamiyat kasb etadi.

    Fermer joʻjaligiga tovuqlarga ozuqa tayyorlash uchun chet davlatdan dastgohlar olib kelib oʻrnatilgan. Don yetishtirish uchun yer ajratilgan va Germaniya davlatidan “New Holland” va “Claas Axion 810» rusumli maxsus traktor va yer haydash uchun “Lemken EVROPAL” texnikalar olib kelingan.

    Bugungi kunda fermada 100 nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Ularga 3 mahal oziq-ovqatlar beriladi, shuningdek, maxsus avtobus uylaridan ishxonaga, ishxonadan esa uylariga eltadi.

    Fermer xoʻjaligida ishchilar uchun zamon talablariga mos keluvchi yuvinish xonalari, madaniy va maʼrifiy hamda dam olish xonalar, kutubxona ham tashkil etilgan boʻlib, xodimlar bu yerda mehnat qilayotganidan hamisha mamnundirlar. Bundan tashqari, bu yerda turli xil mevali daraxtlardan iborat bogʻ ham tashkil etilgan boʻlib, unda yetishtirilgan mevalar ishchi-xodimlar ehtiyojida foydalaniladi. Tadbirkor tomonidan nafaqat, parrandachilik, balki qoʻshimcha tarzda ferma hududida baliq koʻli va asalarichilik ham tashkil etilgan. Undan ham moʻmay daromad orttiriladi. Daromadlar hisobidan tadbirkor oʻz hududidagi ehtiyojmand oilalarni doimo yoʻqlaydi, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, xususan, ichki yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish kabi xayrli ishlarga ham bosh boʻladi. Bunday saxovat ishlari tadbirkor tomonidan karantin davrida ham bir zum boʻlsada toʻxtamadi.

    Boxirjon Turdialiyev hamisha yoshlarni, xususan, tadbirkorlikka qiziqib, bu jarayonga innovatsion gʻoyalarni tatbiq etadigan kelajak vorislarini hamisha qoʻllab-quvvatlaydi.

    FarPI talabasi Dilnozaxon Tursunova ham yaqin kelajakda parrandachilik yoʻnalishiga innovatsion tashabbuslarni ilgari surishni oldiga maqsad qilgan.

    Muhtaram Yurtboshimizning 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilmayotganligiga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Shu sababli Dilnozaxon Tursunova shu sohada oʻz tadqiqotlarini olib bormoqda. Iqtidorli qizning istiqbolli innovatsion gʻoyasida parrandalarning patlaridan oʻgʻit sifatida foydalanish va ularning tarkibidagi azot elementidan tarmoqning boshqa sohalarida foydalanish borasidagi ilmiy farazlari ilgari suriladi.

    Dastlabki olingan natijalarga koʻra taxminan 1 dona tovuqdan 100 gramm pat ajratib olinadi. Bir oyda oʻrtacha hisobda 25 mingdan ortiq tovuq soʻyilsa, 2,5 tonna pat chiqadi. Parranda mahsulotlaridan, shuningdek, ularning patlaridan ham xalq xoʻjaligida foydalanish orqali atmosfera va atrof-muhitga chiqayotgan zararli tashlamalar miqdorini qisqartirish mumkin. Chiqindisiz ishlash orqali ekologik madaniyatni tarbiyalash, inson va atrof-muhitning oʻzaro munosabatlarini tubdan oʻzgartirishga erishish mumkin.

    Ilmiy gʻoya jamiyat va ekologiyadagi maʼlum bir dolzarb muammoning yechimiga qaratilgan. Hozirda gʻoyani amalga oshirishning dastlabki natijalari koʻrsatilgan boʻlib, toʻliq mexanizmi ustida ish olib borilmoqda.

    D.Tursunovaga “Parranda patlarining afzalliklari va ulardan foydalanish” mavzusidagi innovatsion gʻoyasining dasturiy taʼminoti uchun “Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi” tomonidan guvohnoma berilgan.

    Parrandachilik boʻyicha katta tajribaga ega Boxirjon Turdialiyev yosh izlanuvchining innovatsion loyihasini qoʻllab-quvvatlab, unga kerakli maslahatlarni berib kelmoqda. Shuningdek, “Vodiy naslli parranda» fermer xoʻjaligida ham tajriba ishlari olib borilmoqda.

    Shohsulton Toʻxtamatov,

    OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi.