«Parranda sanoatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. 1-iyuldan berilishi kerak boʻlgan subsidiya miqdori tuxum uchun 3 baravar (har bir sotilgan tuxumga 150 soʻm), parranda goʻshti uchun esa 2 baravar (har bir kilogrammiga 1,5 ming soʻm) oshirilib, toʻlovlar 1-iyundan boshlanadi, hisob-kitob qilinadi.
Omuxta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablagʻni toʻldirish va parrandachilik loyihalari uchun kreditlarning Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi qoplab beriladi», — dedi davlat rahbari.
Parrandalarni soʻyishga moʻljallangan zamonaviy kompleks loyihalar boʻyicha xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi.
«Parrandachilik korxonalari uchun foyda, mol-mulk, yer va suv soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi. Bunday imkoniyat hali biror sohaga ajratmaganmiz. Bu choralar nima uchun — tovuq goʻshti va tuxum hajmini keskin oshirib olishimiz kerak.
Parrandachilik loyihalarini amalga oshirishga Mikrokreditbank masʼul boʻladi va unga davlat tomonidan 50 million dollar resurs ajratiladi. Ishlar natijasiga qarab, yana 50 million dollar beriladi. Jami 100 mln dollar ajratiladi», — dedi Prezident.