Parrandachilik bilan shug'ullanuvchi fermer xo'jaligini sarson qilgan muammo hal etildi

    Buxoro viloyatida faoliyat yurituvchi “The Farm” (nomi o'zgartirilgan) fermer xo'jaligi Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo'lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.

    Ma'lum bo'lishicha, fermer xo'jaligiga 2015-yilda hokim qarori bilan yer maydoni ajratilgan va mazkur yer maydonida parrandachilik yo'nalishida faoliyat yuritilib kelingan. Shunga qaramasdan fermer xo'jaligiga tegishli yer maydoni qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni toifasida turganligi aniqlangan.

    Vaholanki, yer kodeksining 46-moddasiga ko'ra fermer xo'jaliklarini yuritish uchun qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlar berilishi belgilab qo'yilgan.

    Fermer xo'jaligiga ajratilgan 21300 kvadrat metr yer maydoni “Ko'chmas mulk-3” elektron dasturga noturar joy sifatida kiritilganligi bois, katta miqdorda yer solig'i hisoblanib, tadbirkorning hisob raqami vaqtincha yopib qo'yilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida fermer xo'jaligining muammosi joyiga chiqqan holda hal etildi va unga tegishli bo'lgan yer maydoni qishloq xo'jaligida foydalanadigan yer maydoni toifasiga o'tkazildi.