Parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yer soligʻidan ozod qilinishi mumkin

    Mamlakatimizda 13 Fevral 2025 744

    Qonun loyihasi bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini (ekin maydonlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etish belgilanmoqda.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida parrandachilik sohasini rivojlantirish, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilinmoqda.

    2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda esa Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari bino-inshootlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan olgan daromadlari boʻyicha foyda soligʻi, shuningdek, ijaraga berilgan obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

    Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi parrandachilik korxonalari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, bolalarga yaratiladigan shart-sharoitlarni yaxshilash, bolalarni sogʻlomlashtirish va aqliy rivojlantirish boʻyicha ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.