“Armaniston va Ozarbayjon o'rtasidagi tinchlik shartnomasi loyihasi kelishib olindi va imzolanishini kutmoqda. Men Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga Armaniston va Ozarbayjon o'rtasida kelishilgan tinchlik shartnomasi loyihasini imzolash bo'yicha maslahatlashuvlarni boshlashni taklif qilaman”, deb yozdi u o'zining Telegram-kanalida.
13-mart kuni Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku tinchlik shartnomasi matni bo'yicha kelishib, muzokara jarayonini yakunlaganini ma'lum qildi. Yerevanning tushuntirishicha, ular Bokudan hujjat imzolanadigan joy va sana bo'yicha takliflarni kutishmoqda. Armanistondagi asosiy muxolif siyosiy kuchlar bu kelishuvni “Pashinyan rejimining taslim bo'lishi” deb atadi. Armaniston va Ozarbayjon hujjatning kelishilgan versiyasini hali e'lon qilmadi.
Tomonlar tinchlik shartnomasi bo'yicha kelishuvga erishganliklarini e'lon qilganidan keyin Boku hujjatni imzolash uchun yangi shartlarni ilgari surdi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hajizodaning aytishicha, chegaradagi voqealarga chek qo'yish va Bokuga nisbatan hududiy da'volarni istisno qiluvchi Armaniston konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritish kabi bir qator muhim shartlar bajarilsa Boku va Yerevan o'rtasida tinchlik bitimi imzolanishi mumkin. Yerevan Bokuning chegarada o'qqa tutilgani haqidagi ayblovlarini bir necha bor rad etgan, shuningdek, Armaniston Konstitutsiyasida hududiy da'volar yo'qligini ta'kidlagan. Shu bilan birga, Pashinyan uning hukumati “mintaqaviy xususiyatga ega” bo'lishi kerak bo'lgan yangi konstitutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqish niyatida ekanini ma'lum qilgandi, deb xabar beradi tass.ru.