Patrul-post xizmati va profilaktika inspektorlariga qoʻshimcha vakolatlar berilishi mumkin

    Mamlakatimizda 16 Iyul 2025 1630

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga oid qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda holatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilish maqsadida mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati takomillashtirilib, profilaktika bosh va kichik inspektori lavozimlari joriy etilgan. Biroq ichki ishlar organlari tizimidagi ishlarni koʻrish va choralarni qoʻllash vakolati faqat mahalladagi profilaktika inspektorlariga berilgan boʻlib, bunday vakolat huquq-tartibot maskanlardagi bosh va kichik inspektorlarida mavjud emas.

    Shu bois ushbu qonun loyihasi bilan huquq-tartibot maskanlaridagi ushbu inspektorlarga maʼmuriy ishlarni koʻrish va choralarni qoʻllash vakolati berilmoqda.

    Bundan tashqari, hozirda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati inspektorlariga aniqlangan ayrim huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirish vakolati berilgan boʻlsada, ushbu maʼmuriy bayonnomalar yuzasidan choralarni qoʻllash vakolati tizimdagi boshqa mansabdor shaxslarga, jumladan ish yuklamasi katta boʻlgan tuman (shahar) ichki ishlar boʻlim boshliqlari va oʻrinbosarlari, transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari boshliqlari hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan.

    Bu esa maʼlum ish boʻyicha qaror qabul qilinishda fuqarolarning ortiqcha vaqt sarflashiga sabab boʻlmoqda. Shu sababli, mazkur qonun loyihasi bilan patrul-post xizmatining mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan maʼmuriy bayonnomalarni koʻrib chiqish vakolati ularning rahbariyatiga ham berilmoqda.

    Ushbu qonun loyihasi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishni nazarda tutmoqda.

    Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.