Paxta xomashyosini xalqaro bozorda ancha arzon narxda sotish oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri fermerlardan mahsulot sotib olish va xomashyoni toʻqimachilik mahsulotlariga qayta ishlash boʻyicha hududiy klasterlar tashkil etilgani paxtachilikdagi eng muhim tarkibiy oʻzgarishlardan boʻldi.
Shu bilan birga, “Cotton Campaign” koalitsiyasi tomonidan 12 yillik “paxta boykoti”ning bekor qilinishi xalqaro brendlarning Oʻzbekiston bozoriga qaytishi uchun imkoniyatlar ochmoqda. Adidas, Tesco, IKEA, Marks & Spencer, H&M, Zara va Gap kabi yirik kompaniyalar oʻzbek paxtasini yetkazib berishni qaytadan boshlashlari kutilmoqda.
Materialga koʻra, Vashington Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy strategiyasini qayta koʻrib chiqishi kerak. Misol uchun, umumiy imtiyozlar tizimini (GSP) qoʻllashning qayta tiklanishi oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari uchun AQSH bozorini ochadi. Bu qadam Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistonni GSP+ benefitsiari sifatida qabul qilish haqidagi oldingi qarorlariga ham mos keladi.
Bundan tashqari, Toshkent bilan normal savdo aloqalarini taʼminlashning yana bir ragʻbati sifatida doʻstona Oʻzbekistonga nisbatan “sababsiz” qoʻllaniladigan Jekson-Venik tuzatishining bekor qilinishi boʻlishi mumkin.