Iqtisodiyot drayverlaridan biri hisoblangan va sezilarli oʻsish salohiyatiga ega boʻlgan toʻqimachilik sanoati uchun xom ashyo sifatida paxtaning sifati bir qator oʻzaro bogʻliq tarmoqlarning rivojlanishiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shu munosabat bilan, paxta yetishtirishning zamonaviy usullariga, jumladan, lazer yordamida rejalashtirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va qishloq xoʻjaligi tadbirlariga innovatsion yondashuvlardan foydalanishga jadal oʻtish muhimligi taʼkidlandi.
Xorijiy investorlar ishtirokidagi klasterlar faoliyati alohida oʻrganildi.
Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan fermer xoʻjaliklari va paxta klasterlari xoʻjalik faoliyatining amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Sirdaryo viloyatida paxta hosilini yigʻishtirib olishni mexanizatsiyalash darajasini oshirish boʻyicha dasturning ijrosi tahlil qilindi va uning implementatsiyasini jadallashtirish hamda ushbu yoʻnalishda mavjud muammoli masalalarni tezkor hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu nuqtayi nazardan, fermer xoʻjaliklari va paxta klasterlari tomonidan texnologik va mehnat meʼyorlariga rioya etishlari natijasida xom ashyoning yuqori sifatini taʼminlashni koʻzlagan paxta ishlab chiqarish sohasida zamonaviy xalqaro standartlarni jadal va hamma joylarda joriy etishning dolzarbligi ham taʼkidlandi. Bu esa, oʻz navbatida, xorijiy brendlar bilan hamkorlik qilish orqali ushbu sohada eksport salohiyatini yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini yaratadi.
Yigʻim-terim paytida majburiy mehnatning oldini olish, terimchilarni munosib mehnat va yashash sharoitlari bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga pandemiya sharoitida sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilish zarurligiga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.