Paxta-toʻqimachilik klasterlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi

    Agrosektor 31 Yanvar 2023 2402

    2023-yil 26-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-23-son qarori qabul qilindi.

    2023-yil hosilidan boshlab har yili 1-oktyabrga qadar paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirish boʻyicha fyuchers shartnomalari tuziladi (2023-yil hosili uchun 2023-yil 1-fevralga qadar). Qishloq xoʻjaligi vazirligi Nyu-York birjasi paxta tolasining oʻrtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlilini oʻzining rasmiy saytida eʼlon qilib boradi.

    Bunda, paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish boʻyicha fyuchers shartnomalari soliq organlarining axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning taʼsischilarini yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan boʻladigan munosabatlariga taʼsir oʻtkazish qatʼiyan man etiladi.

    Ekinlarni joylashtirish, yer va suv resurslaridan foydalanishda qonunchilikda nazarda tutilmagan cheklovlar kiritgan mutasaddilar javobgarlikka tortiladi.

    2023-yildan boshlab, xorijdan olib kelingan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan ishlab chiqaruvchilarga yer tekislagich agregatlari qiymatining 30%i Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

    Shuningdek, paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sugʻorishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50%gacha qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

    2025-yil 1-yanvarga qadar olib kiriladigan mineral oʻgʻitlarga (TIF TN kodlari 3105 59 000 0, 3105 40 000 0, 3104 30 000 0, 3105 30 000 0 va 2835 29 900 0) bojxona bojining “nol” stavkasi qoʻllaniladi, deb xabar beradi “Norma”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 30-yanvardan kuchga kirdi.