Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlarini moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan quyidagi choralar belgilandi:
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kredit resurslari hisobidan 2023-yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni 2024-yil 1-dekabrgacha toʻliq qaytargan klasterlarga ushbu kredit boʻyicha foiz toʻlovlari (bank marjasidan tashqari) 2025-yil 1-yanvarga qadar Jamgʻarma hisobidan qaytarib beriladi;
2023-yilgi paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari uchun klasterlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning, mos ravishda Jamgʻarmaning tijorat banklariga ajratgan kredit resurslarining qoldigʻini qaytarish muddati tijorat banklarining ijobiy xulosasi asosida 2025-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi.
2024-yil 1-avgustdan Jamgʻarma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha klasterlar taʼsischilarining shaxsiy kafilligi qoʻshimcha ravishda rasmiylashtiriladi.
Boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35 foizi va undan yuqori qismi toʻlangan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit boʻyicha mulkiy majmua sifatida garovga qoʻyishga ruxsat beriladi.
Tugatilayotgan "Oʻzpaxtasanoat" AJning mulkiy majmualarini sotib olish boʻyicha klasterlar bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarida belgilangan toʻlov grafigi boʻyicha qarzdorliklar muddati 1-yilga uzaytiriladi.