Unga koʻra, 2024-yil hosili yigʻim-terim davrida jahon bozoridagi paxta tolasining shakllangan fyuchers kotirovkalari boʻyicha paxta xomashyosining boshlangʻich fyuchers narxlari bir tonnasi uchun 6 mln 800 ming soʻm atrofida shakllanayotganligi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasida 2024-yil hosilidan birinchi nav ikkinchi sinf bir tonna paxta xomashyosining boshlangʻich fyuchers narxi, jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib, 7 mln 800 ming soʻm miqdorida eʼlon qilingan.
Hukumat jahon bozorida paxta tolasining narxi keskin pasayishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatda paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
- paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 mln soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi.
- 2024-yil uchun paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar oʻrtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar boʻyicha qoʻshimcha kelishuv tuziladi. Bunda paxta xomashyosining sotish narxi 6 mln 800 ming soʻmdan kam boʻlmasligi kerak.
- 2024-yil hosilidan fyuchers shartnomalaridan tashqari paxta xomashyosini birja savdolariga chiqarishda uning boshlangʻich narxini bir tonnasi uchun 6 mln 800 ming soʻmdan kam boʻlmagan miqdorida eʼlon qilish talab etiladi.
- 2024-yilda barcha hududlarda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxta xomashyosini yigʻib-terib olish xizmati bahosining 20 foizi, biroq 250 ming soʻmdan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Jamgʻarma hamda Markaziy bankning 2024-yil hosili paxta yigʻim-terimini qisqa muddatlarda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi 452-son qaroriga asosan, sogʻlomlashtirilayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan 2024-yil hosili boʻyicha shartnoma (fyuchers, spot va vaqtincha saqlashda) tuzgan fermer xoʻjaliklariga, shuningdek, oʻz yer maydonlarida paxta xomashyosi yetishtirgan paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklariga yigʻim-terim xarajatlarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarma resurslari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.
Bunda imtiyozli kreditlar elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta xomashyosi uchun - 10 oy muddatga, yillik 10 foiz stavkada (2 foiz bank marjasi) paxta qiymatining 20 foizi miqdorida 3 oylik imtiyozli davr va soʻnggi 7 oyda teng ulushlarda qaytarish sharti bilan ajratiladi.