Farmonga ko'ra, 2024-yil hosilidan paxta yetishtiruvchi xo'jaliklar va klasterlar o'rtasida paxta yetkazib berish bo'yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida Tovar-xomashyo birjasining "paxta xomashyosi seksiyasi"da har bir hudud bo'yicha alohida o'tkaziladigan savdolar natijalariga ko'ra tuziladi. 

Shuningdek, 2024-yil hosilidan paxta yetishtirish, paxta yig'im-terimi va xaridini Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasining kredit resurslari hisobidan moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

fyuchers shartnomasi tuzgan yetishtiruvchi va urug'chilik subyektlariga har yili 1-oktabrdan, paxta yetishtirish uchun –paxta qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foizda 14 oyga, shu jumladan 12 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratiladi; 

klasterlarga: 

▫️paxta xaridi bo'yicha yakuniy hisob-kitob uchun paxta qiymatining 80 foizigacha yillik 10 foizda 10 oyga, shu jumladan 6 oylik imtiyozli davr va oxirgi 4 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan; 

▫️ijara huquqi mavjud bo'lgan yer uchastkasida paxta yetishtirish uchun – paxta qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foizda 24 oyga, shu jumladan 18 oylik imtiyozli davr va oxirgi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan; 

▫️ijara huquqi mavjud bo'lgan yer uchastkasida yetishtiriladigan paxtaning yig'im-terimi uchun paxta qiymatining 20 foizigacha yillik 10 foizda 12 oyga, shu jumladan 3 oylik imtiyozli davr va oxirgi 9 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan kredit ajratiladi; 

fyuchers shartnomasiga asosan yetishtiruvchilardan qabul qilingan paxta uchun to'lovlarning 80 foizi paxta qabul qilib olingan kundan boshlab 3 ish kunidan kechiktirmasdan, qolgan qismi moliya yilining 31-dekabr kunigacha amalga oshiriladi.

2024-yil 1-maygacha 2024 yil paxta hosilidan elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta va ishlab chiqarilgan paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi joriy qilinadi.

2024-yil 1-yanvardan:

klasterlarda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy qilish;

klasterlarga nufuzli xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda ular faoliyati samaradorligi va moliyaviy ko'rsatkichlarini mustaqil tashqi auditdan o'tkazish choralari ko'riladi.