Paxtachilik qahramonlar holidan xabar olindi

    Harbiy 4 May 2021 586

    Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib, shu kunlari ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga alohida mehr-muruvvat, eʼtibor qaratiladi.

    Jumladan, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatimizning barcha tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO boʻlimlari vakillari hamkorlikda urush va mehnat fronti qatnashchilarining xonadonlarida boʻlinib, ularning holidan xabar olishmoqda. Shuningdek, faxriylar hamda oila aʼzolarining davlat xizmatlariga boʻlgan talab va ehtiyojlarini oʻrganib, qisqa fursatlarda ushbu masalalarni hal qilish choralarini koʻrishmoqda.

    Ilk tashrif Paxtachilik qahramonlarimiz xonadoniga boʻldi. Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushida Paxtachi tumanidan 6039 nafar oʻgʻlon ishtirok etgan. Ularning 2362 nafari yaqinlari bagʻriga qaytib kelmagan. Bugungi kunda tumanda 2 nafar urush qatnashchilari hayot xolos. Biri Doʻng mahallasida yashovchi 96 yoshli Tuxli bobo Odilov boʻlsa, ikkinchisi Bogʻoloni mahallasida istiqomat qilayotgan 96 yoshli Gʻaffor bobo Safarovdir.

    Yaqinda tuman Davlat xizmatlari markazi va 1-son FHDYO boʻlimi xodimlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xonadonlarida boʻlib, ularning holidan xabar olishdi, xizmatlar boʻyicha ehtiyojlari bor yoki yoʻqligini oʻrganishdi. Urush va mehnat faxriylarini yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni va ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaning 76 yilligi bilan qutlashdi. Otaxonlar vatan ozodligi uchun kechgan janglar, urushdan keyingi qizgʻin mehnat faoliyati toʻgʻrisida gapirib berishdi.

    Mazkur yoʻnalishdagi tadbirlar davom etmoqda.

    DXA Samarqand viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati.