Vazirlar Mahkamasining “Futbol klublari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, “Paxtakor” va “Bunyodkor” futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari Toshkent shahar hokimligiga, yana 11ta klubning ulushi davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oʻtkazib berildi.
Qarorga muvofiq, “Paxtakor” va “Bunyodkor” futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushi Toshkent shahar hokimligiga oʻtkazildi.
Bundan tashqari, “Nasaf”, OKMK, “Buxoro”, “Neftchi”, “Lokomotiv”, “Shoʻrtan”, “Dinamo”, “Metallurg”, “Mashʼal”, “Navbahor” va “Surxon” professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oʻtkazildi.
Shuningdek, qarorda davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar 13ta futbol klubining bosh homiylari sifatida nazarda tutilgan.
Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020-yilda eng koʻp zarar koʻrgan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatiga “Paxtakor” futbol klubini ham qoʻshgan edi. Klub 2020-yilda 82,7 milliard soʻm zarar koʻrgani taʼkidlangandi.
Klub esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi maʼlumotiga eʼtiroz bildirib, klub davlat byudjetidan mablagʻ olmasligini, balki uning byudjeti toʻligʻicha “ SFI Management Group” MCHJ tomonidan shakllantirib kelinganini maʼlum qilgandi. Shu bilan birga, klub bayonotida Davaktiv agentligini toʻgʻri va xolis axborot tarqatishga chaqirgandi.