“Paxtakor” yangi bosh murabbiyini tanishtirdi

    Portugaliyalik mutaxassis Pedro Moreyra Toshkentning “Paxtakor” klubida yangi bosh murabbiy sifatida ish boshladi. Bu haqda klubning keyingi rejalari boʻyicha matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Tribuna.uz saytining xabar berishicha, yangi bosh murabbiy bilan 1+1 sxemasida shartnoma imzolangan. Unga 4 nafar hamyurti assistentlik qiladi.

    Anjumanda ishtirok etgan klub raisi Jahongir Ortiqxoʻjayev soʻnggi mavsumlarda jamoaga ustozlik qilib kelgan Maksim Shaskixga endi klub raisi maslahatchisi sifatida ishlashda davom etishini maʼlum qilgan.

    «Shaskix klubdan ketgani yoʻq. Qatorasiga ikkita chempionlik uchun unga rahmat aytamiz. Bu mavsumda chempionlik maqsadi qoʻymagandik. U direktorlar kengashida menga maslahatchi boʻlib qoladi. Yangi murabbiy bilan esa 1+1 koʻrinishida shartnoma tuzdik va chempionlik vazifasini qoʻydik», degan u.

    Shuningdek, Jahongir Ortiqxoʻjayevning aytishicha, kelgusi yil bahordan Paxtakor stadioni rekonstruksiyasi boshlanadi. FIFA standartlariga mos boʻladi.

    Pedro Moreyra “klubning loyihasi unga maʼqul kelganini taʼkidlab, jamoaga yangi uslub va gʻoyalar olib kirmoqchi ekanini taʼkidlagan. «Albatta, chempionlik uchun kurashamiz”, degan u.

    Maʼlumot uchun, Pedro Moreyra oʻz vaqtida “Roma” va “Shaxtyor” klublarida Paulu Fonsekaga assistentlik qilgan, “Sporting” yoshlar jamoasini ham boshqargan.