Ushbu hujjat bilan paxta tozalashda yangi texnika va texnologiyalar, energiyaga tejamkor mashinalar va asbob-uskunalar yaratish, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda ilmiy-innovatsiya faoliyati natijadorligini oshirish keng yo'lga qo'yiladi.

Shuningdek, qaror bilan “Paxtasanoat ilmiy markazi” aktsiyadorlik jamiyati O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining ilmiy- tadqiqot organi etib belgilandi.

Qarorga muvofiq, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markaz moddiy-texnika bazasi va yetakchi olimlarining salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat institutining bazaviy kafedralari filiallarini Markazda tashkil etish choralarini ko'radi.

Bundan tashqari, 2023/2024 o'quv yilidan boshlab, oliy ta'lim muassasalarining tegishli bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun Markaz bazasida o'quv va amaliyot darslari tashkil etiladi. Shuningdek, ularning bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari tadqiqotlarini olib borish yo'lga qo'yiladi. Markazning yetakchi olimlari bitiruv-malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik ishlariga jalb etiladi.