Payariqda viloyatda birinchilardan boʻlib chigit ekish boshlandi

    Mavsumda 165 ta chigit ekish seyalkalari qatnashishi moʻljallanmoqda.

    Payariq tumani Samarqand viloyatida birinchilardan boʻlib chigit ekishga kirishildi. Shu munosabat ayni daqiqalarda “Payariq klaster” MCHJ hududida mavsumni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.

    Unda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Nurmamat Tursunov va boshqalar soʻzga chiqib, ushbu muhim agrotexnik tadbir davomida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan masalalarga toʻxtalib oʻtdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil hosili uchun tumanda 411 ta fermer xoʻjaliklari va 2 ta klaster korxonasi tomonidan 12 ming 459 gektar yerga Buxoro-102, S 8286, Adolat singari istiqbolli, yuqori unumdor navlar ekilishi rejalashtirilmoqda.

    Mavsumda 165 ta chigit ekish seyalkalari qatnashishi moʻljallanmoqda, shuning 24 tasi zamonaviy pnevmotik seyalkalardan iborat. Muhim agrotexnik tadbirni uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 165 ta otryad shakllantirilgan boʻlib, chigit ekish ishlarida qatnashadigan 660 nafar muhandis-texnik xodimlar uchun dalaning oʻzida zaruriy sharoitlar yaratildi. Har bir hududda, qishloq xoʻjaligi texniklariga texnik xizmat koʻrsatish mobil guruhlari tashkil etilib, yoqilgʻi moylash materiallari bilan uzluksiz taʼminlash tizimi yaratildi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

    boshqarmasi axborot xizmati