Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi tanlandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Uzpaynet» MCHJ ustav fondidagi 100% davlat aksiya paketlarini sotish rejasi haqida e’lon berdi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.


Ushbu bitim doirasida ABRAU CAPITAL va CENTIL kompaniyalar konsorsiumi xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchisi sifatida tanlangan.

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan raqobat muhiti asosida tashkil etiladi.

«Uzpaynet» MCHJ — "Paynet" to‘lov tizimining operatori hisoblanadi. Unga 2005 yilda tadbirkor Botir Arifjonov asos solgan. Keyinchalik u davlatga sotilgan edi. 

Hozirda tizim 390 dan ortiq turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda. Shu jumladan, Paynet.uz mobil ilovasi orqali barcha kommunal to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Kompaniyaning respublika bo‘yicha 21 000 ta to‘lov punktlari xizmat ko‘rsatmoqda. Har kuni 1,3 milliondan ortiq foydalanuvchi "Paynet" tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshiradi.

2021 yil yakuni bo‘yicha ustav kapitali 378,5 mln so‘mni, sof aktivlari — 71,8 mlrd so‘mni, sof foydasi esa — 94,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.