Pedagogika sohasida Buyuk Britaniya OTMlari bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi

    Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Britaniya kengashi, mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Vestminster universiteti, Londondagi Saut-Benk universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, TEAM universiteti hamkorligida Londonda “Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya taʼlim forumi” oʻtkazildi.

    Mazkur forumda ishtirok etgan Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova Buyuk Britaniyadagi koʻplab oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik borasida muzokaralar olib bordi. Ikki kunlik dasturni oʻz ichiga olgan forumning birinchi kuni Saut-Benk universitetida oʻtkazilgan boʻlsa, ikkinchi kuni Vestminster universitetida boʻlib oʻtdi.

    “Barqaror hamkorlikni rivojlantirish: inklyuziv universitetlar va ishlab chiqarish bilan hamkorlik” mavzusida uchinchi marta oʻtkazilgan mazkur forumda Oʻzbekiston, Buyuk Britaniya va global miqyosdagi oliy taʼlim tizimi uchun ustuvor yoʻnalishlar, ushbu yoʻnalishlardagi vazifalarga samarali erishish yoʻllari, xususan, transmilliy taʼlim orqali erishish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda oliy taʼlim siyosati, amaliyoti hamda oliy taʼlimdagi hamkorlik masalalari muhokama markazida boʻldi. Forum doirasida tashkil etilgan netvorking va boshqa qator tadbirlar yigʻilishning ajralmas qismi boʻlib, hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun platforma yaratishga xizmat qildi.

    Xususan, UrDPI rektori Feruza Madrahimova Buyuk Britaniya Transmilliy hamkorlik universiteti direktori Richard Samuels, JONK aql va oʻrganish markazi direktori Marcelo Staricoff, Portsmut universiteti ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti dekani Jaklin Priyego bilan oʻquv va ilmiy yoʻnalishlarda hamkorlik oʻrnatish masalalarini muhokama qildi.

    Shuningdek, forum yakunida Buyuk Britaniyaning Norvich til oʻqitish instituti rektori Tom Kidl bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur memorandum akademik va ilmiy sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar almashinuvi, ularning stajirovka va malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish, taʼlim sohasida oʻzaro tajriba almashish, ilmiy dastur va loyihalarni tashkillashtirish, talabalar almashinuvini joriy etish kabilarni qamrab olgan, deyiladi Urganch davlat pedagogika instituti axborot xizmati xabarida.