Joriy yilning 22 yanvar` kuni Xitoyning SHinjon-Uyg'ur avtonom viloyatidagi Urumchi shahrida birinchi O'zbekiston — Xitoy mintaqalararo forumi bo'lib o'tdi. Forumda O'zbekistonning barcha viloyat va hududlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi. SHuningdek, vazirliklar, idoralar, OTMlar, sanoat birlashmalari, savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ikki mamlakatning 1200 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari qatnashdi.
Forum yakunlari bo'yicha O'zbekistonning barcha hududlari va Xitoyning tegishli provintsiyalari o'rtasida iqtisodiy, savdo, ta'lim va madaniy aloqalarni yo'lga qo'yish bo'yicha hujjatlar imzolandi. Xususan, forumda ishtirok etayotgan Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova Xitoyning ko'plab OTMlari bilan hamkorlik masalalarida muzokaralar olib bordi. Jumladan, SHensi va SHinjon pedagogika universitetlari bilan memorandumlar imzolanib, ilmiy va o'quv yo'nalishlarida qator amaliy ishlar rejalashtirildi.
Kelgusida ushbu OTMlar bilan akademik va ilmiy sohalarda hamkorlikni yo'lga qo'yish, professor-o'qituvchilar almashinuvi, ularning stajirovka va malaka oshirishini yo'lga qo'yish, ta'lim sohasidagi o'zaro tajribalarni o'rganish, ilmiy dastur va loyihalarni tashkillashtirish, talabalar almashinuvini joriy etish rejalashtirildi. SHuningdek, xorijiy filologiya yo'nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ikkinchi til sifatida xitoy tilini o'qitish hamda ushbu OTMlardan Urganch davlat pedagogika institutida shartnoma asosida ishlash uchun professor-o'qituvchilar jalb etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.