Mamlakatimiz taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy oʻquv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, korrupsiya va poraxoʻrlikning oldini olish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24 va 28-may kunlari oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va soha vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda oʻquv dargohlaridagi tamagirlik bilan bogʻliq holatlar chuqur tahlil qilinib, bu illat qoralandi. Korrupsiya taʼlim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf va birinchi raqamli dushman sifatida eʼtirof etildi.
Yurtimiz oliy oʻquv yurtlarida oliy taʼlim “korrupsiyasiz soha” degan loyiha asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Korrupsiya va poraxoʻrlikka qarshi birga kurashamiz!” mavzusida universitet rahbar-xodimlari, professor-oʻqituvchilari va mutaxassis-xodimlari ishtirokida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Bunda Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati, Bosh prokuratura akademiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-taʼlim markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasidan vakillar hamda Oʻzbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyalari ishtirok etib, ushbu sohada vujudga kelayotgan muammolar va ularning natijalari boʻyicha maʼlumot berib oʻtdilar.
Eng asosiysi, onlayn uchrashuvda Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan Abdulla Avloniy qarashlarida poraxoʻrlik, nohaqlik va aldov kabi illatlarning salbiy oqibatlari boʻyicha foydali maʼlumotlar berildi.
Yakunda uchrashuv ishtirokchilari oʻzlari qiziqtirgan savollarga javob olishdi.