Pedagogika yoʻnalishidagi sirtqi taʼlimga faqat 5 yillik stajga ega oʻqituvchilar qabul qilinadi

    Ta'lim 6 May 2023 2537

    2023/2024-oʻquv yilidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning sirtqi taʼlim shakliga kamida besh yil pedagogik stajiga ega oʻqituvchilar qabul qilinadi.

    2023/2024-oʻquv yilidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining pedagogika sohasidagi taʼlim yoʻnalishlariga sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga faqatgina taʼlim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan.

    Bunda, pedagogika sohasidagi taʼlim yoʻnalishlarida sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqish istagida boʻlgan shaxslarning taʼlim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekanligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi maʼlumotlar asosida belgilanadi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasasi direktorlaridan oliy taʼlim muassasalariga 2023/2024-oʻquv yiliga kirish test imtihonlarida ishtirok etish uchun hujjat qabuli boshlangunga qadar maktabda faoliyat yuritayotgan oliy pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan oʻqituvchilarga tegishli maʼlumotlarni vazirlikning “Yagona elektron tizimi-erp.maktab.uz” dasturiga kiritishlarini soʻraydi.