Xususan:

1. Prezident 1-fevral kuni 21 moddadan iborat «Pedagogning maqomi toʻrisida»gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, faoliyatining asosiy kafolatlari, mehnatiga yarasha haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilandi.

Hujjatda pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Mazkur qonunga koʻra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi. Shuningdek, pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, jumladan, bitiruvchilarning bandligi taʼminlangani haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish man etiladi.

Bundan tashqari, pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, xususan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish mumkin emas.

2. 2023-yilning 27-mart kuni qituvchilarni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi va mehnatga noqonuniy aralashganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun qabul qilindi. Unga koʻra, pedagog xodimni mehnatga biron–bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 33 mln soʻmgacha (BHMning 100 baravari) jarimaga sabab boʻlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 49.5 mln soʻmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin;

Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,31 mln soʻmdan 4,95 mln soʻmgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3.3 mln soʻmdan 6.6 mln soʻmgacha jarima belgilanmoqda;

Ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangangan. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.

Buning natijasida jamiyatda oʻqituvchilarning nufuzi va obroʻsini koʻtarishga erishildi va ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga butunlay barham berildi hamda 306 ming nafar pedagog–xodimlarning huquqlarini himoya qilish taʼminlandi;

Bundan tashqari, pedagog–xodimlar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni keskin kamaytirildi. Xususan, oʻqituvchilarning hisobotlari hozirgi paytda 1 ta (ilgari – 7 ta), oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining hujjatlari 2 ta (ilgari – 10 ta), maʼnaviy–maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining hujjatlari 7 ta (ilgari – 18 ta), sinf rahbarlarining hujjatlari 4 ta (ilgari – 10 ta) etib belgilandi.