21.06.2024-yildagi PQ-231-son Prezident qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab uzluksiz kasbiy rivojlanish vertikal tizimi (vazirlik — malaka oshirish muassasasi — taʼlim tashkiloti) joriy etiladi. U maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarining kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlariga asoslangan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlari uchun ishdan ajralgan holda har besh yilda bir marta oʻtkaziladigan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari menejerlik oʻquv kurslari asosida, pedagog kadrlar va mutaxassislar uchun esa ularda zamonaviy malakalarni shakllantirishga qaratilgan variativ (tanlov) va invariant (majburiy) modullardan iborat taʼlim dasturlari boʻyicha tashkil etiladi.
Hujjat bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanishini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi, uning maqsadi va asosiy vazifalari;
- uzluksiz kasbiy rivojlanish turlari va ularni tashkil etish tartibi;
- uzluksiz kasbiy rivojlanish sifatini baholash va nazorat qilish.
Uzluksiz kasbiy rivojlanishning asosiy vazifalari:
- rahbar, pedagog va xodimlarning kasbiy bilimlari, koʻnikmalari va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq taʼlim sifatini taʼminlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish;
- pedagog xodimlarni kasbiy mahorati va bilim saviyalaridan kelib chiqib, kasbiy ehtiyojlariga mos keladigan dasturlarini oʻzlashtirishga yoʻnaltirish, metodik kompetentlik darajasini oshirish va ularning kasbiy mahoratini takomillashtirish, zamonaviy tarbiya metodikalarini oʻzlashtirish;
- taʼlim sifatini oshirishning asosiy manbai sifatida pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishi, tashabbuskorligi, ijodkorligi va mahoratini ragʻbatlantirish;
- xodimlar tayyorlash sifatiga qoʻyiladigan malaka talablarini oshirish;
- xodimlarning doimiy kasbiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadigan taʼlim muhitini yaratish.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilindi va 2024-yil 23-dekabrdan kuchga kirdi.