“Pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi“, — Hilola Umarova

    Ta'lim 16 Fevral 2025 731

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻqituvchilar qadr-qimmatini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini taʼkidladi.

    “Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirish, oʻqituvchini haqoratlash, oʻquvchilar oldida izza qilish, hatto doʻpposlash holatlari tez-tez muhokama markaziga chiqyapti. Yaqinda Sirdaryoda boʻlgan holat ham shular jumlasidandir“, — deydi vazir.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Sardoba tumanidagi 1-sonli maktabda yuz bergan holat boʻyicha maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, Jinoyat ishlari boʻyicha Sirdaryo tuman sudida koʻrib chiqilganini va ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilganini va shunday holatlar yuz berganda oʻqituvchi-pedagoglarini himoya qilish uchun kerakli yuridik, ijtimoiy, psixologik yordam berilishini bildirib oʻtdi.

    “Shuni tushunib olishimiz kerakki, maktabga duch kelgan odam (dars vaqtida hatto ota-ona ham) istaganicha kirib-chiqish, dars jarayoni va pedagoglar faoliyatiga aralashish, oʻqituvchiga doʻq qilish u yoqda tursin, madaniyat chegarasidan chetga chiqib gaplashishga haqli emas. Bunday holatlar aniqlansa vazirlik zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi“, — deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova.

    Hurmatli oʻqituvchilar, jonkuyar pedagoglar, qadrli jamoamiz, sizning faoliyatingiz qonun bilan himoyalangan, qadr-qimmatingizni himoya qilish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz, — deya qoʻshimcha qilgan u.